AQShda Jahon bankining Raqamli rivojlanish bo‘yicha guruhi rahbari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Cover Image for AQShda Jahon bankining Raqamli rivojlanish bo‘yicha guruhi rahbari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 4-7 mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi delegatsiya xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlash, O‘zbekistonga xorijiy kompaniyalarni jalb qilish, eksportni oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va o‘zbek kompaniyalarining tashqi bozorlarga chiqishini faol qo‘llab-quvvatlash maqsadida Amerika Qo‘shma Shtatlarida bo‘ladi.

Delegatsiyaning 4-mart kuni Jahon banki qarorgohida bo‘lib o‘tgan uchrashuvi tashrif doirasidagi muhim voqea bo‘ldi. Uchrashuvda Oʻzbekiston vakillari Jahon bankining Raqamli rivojlanish bo‘yicha guruhi rahbari Mishel Rogi va Mixail Bunchuk bilan bir qator loyihalar amalga oshirish bo‘yicha ishlarni muhokama qildilar.

Loyihaning maqsadi respublika boʻylab yoshlar, jumladan ayollar va nogironlar uchun minglab raqamli ish oʻrinlarini yaratishdan iborat. O‘zbekistonda 2030-yilgacha bo‘lgan davrda milliy rivojlanish strategiyasiga muvofiq, axborot texnologiyalari bo‘yicha yillik eksport hajmini 5 milliard dollarga yetkazish, 1000 ta xorijiy IT-kompaniyalarni jalb etish va axborot texnologiyalari sohasida 300 ming yosh mutaxassisni ish bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Ushbu ulkan maqsadlarga erishish uchun O‘zbekistonda malakali kadrlar tayyorlash, IT va ofis infratuzilmasini rivojlantirish, IT sohasiga xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha tegishli qonunchilik va strategiyalarni yaratish uchun katta mablag‘ ajratish rejalashtirilmoqda.

Jahon banki ko‘magida amalga oshirilayotgan loyiha qishloq va chekka hududlarda istiqomat qiluvchi 30 yoshgacha bo‘lgan minglab yoshlarni o‘qitish maqsadida Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi IT-park orqali amalga oshiriladi. Autsorsing kompaniyalarini o‘qitilgan mutaxassislarni ishga joylashtirishni rag‘batlantirish muhim jihat bo‘ladi.

Loyiha 2029-yilda yakuniga etgach, O‘zbekistonda IT va autsorsing sohalarida taxminan 25 ming kishi ish bilan ta’minlanadi. Loyiha 11 ta hududiy autsorsing markazlarini ishga tushirish, 6000 dan ortiq yoshlarni oʻqitish, 9000 ga yaqin yosh mutaxassisni ish bilan taʼminlashga koʻmaklashadi.

Ushbu maqsadlarga erishish uchun loyiha hududiy markazlarni ishga tushirish, zarur me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqish bilan birga asosiy ko‘nikmalarga o‘qitish va faol bandlikni o‘z ichiga oladi. Yangi autsorsing kompaniyalarini jalb qilish va ularning mamlakatdagi faoliyatini rag‘batlantirish ham muhim tarkibiy qism bo‘ladi.

“Uzbekistan Digital Inclusion” loyihasi iqtisodiy o‘sish, yangi ish o‘rinlari yaratish va O‘zbekistonga xorijiy sarmoyalarni jalb qilish katalizatoriga aylanadi. O‘zbekiston hukumati va Jahon bankining birgalikdagi sa’y-harakatlari kelgusi o‘n yilliklarda mamlakat farovonligini ta’minlaydigan barqaror raqamli iqtisodiyotni yaratishga qaratilgan.

Shuningdek, Mishel Rogi yurtimizda IT ta’limni rivojlanishi yo‘nalishida ta’lim tizimida qanday ishlar amalga oshirilgani bilan qiziqdi. Vazir unga amalga oshirilgan loyihalar, xususan “English speaking nation” va “Al-Xorazmiy” loyihasi haqida ma’lumot berdi.

Bundan tashqari uchrashuv davomida elektron xizmatlarni xalqaro reytingda O‘zbekistonni TOP 30 talikka kiritish maqsadida hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi.